Jizzax viloyat qoʻgʻirchoq teatri 1983-yil 3-noyabrda tashkil topgan. Teatr oʻz faoliyatini I.Suponinning “Oʻjar quyoncha” asari asosidagi spektaklni tomoshabinlarga namoyish etish bilan boshlagan. Teatr tashkil etilgan davrdan to shu kungacha saksondan ziyod spektakllar sahnalashtirilib, yosh tomoshabinlar hukmiga havola etilgan. Bular jumladan, B.Pavlovskiyning “Makkor tulkicha”, M.Palivanovaning “Quvnok ayikchalar”, B.Rabadanning “Mitti farishta”, Ye.Speranskiyning “Gʻaroyib musobaqa”, H.Olimjonning “Semurgʻ”, Gulchehrabonuning “Boʻlinganni boʻri yer”, M.Ashurovaning “Guldasta”, “Obi hayot”, “Dono xiylagar ”, asarlari, V.Shaynovskiyning “Quvnoq ayiqchalar”, G.Landuning “Xoʻroz qichqirmogʻi kerak”, Oʻ.Mamajonovning “Yangi yil bazmi”, A.Xodjayevning “Qorboboning sovgʻasi”, Qoʻgʻirchoklar jonlanganda“, ”Yangi yil archasi“, ”Shoshmay tur“, Ye.Patrikning ”Boʻgʻirsoq» kabi asarlari sahnalashtirilgan.
Viloyat qoʻgʻirchoq teatri jamoasi chet elga.

1997-yil “Tomoshada tomosha” spektakli bilan Amerika qoʻshma shtatlariga gastrol safarida ham boʻlib yaxshi natijalarni qoʻlga kiritganlar. Bundan tashqari, teatr ijodiy jamoasi respublika miqyosida oʻtkazilgan barcha anʼanaviy-koʻrik festivallarda har doim ishtirok etib, yaxshi natijalarga ega boʻlganlar.
2003-yil 9-14-dekabr kunlari Toshkent shahrida oʻtkazilgan “XXI asr Oʻzbekiston qoʻgʻirchoq teatr sanʼati istiqboli” mavzusida qoʻgʻirchoq teatrlarining Respublika seminar kengashida ishtirok etib, tomoshabinlar eʼtiboriga N.Parmonovaning “Kelinglar doʻst boʻlaylik” spektaklini namoyish etib, ularning olqishiga sazovor boʻlishdi.
2005-yil 19-24-dekabr kunlari Buxoro viloyatida oʻtkazilgan VII-anʼanaviy koʻrik festivalda H.Rasul asari “Qoʻshiqchi qiz va qoʻzichoq” spektakli bilan ishtirok etishib, “Eng namunali musiqa” nominatsiyasi boʻyicha diplom bilan taqdirlandilar.
2009-yil qoʻgʻirchoq teatri jamoasi uchun quvonchli va samarali yil boʻldi. Ijodiy guruh Respublikamizning Andijon viloyatida oʻtkazilgan VIII-Respublika qoʻgʻirchoq teatrlarining koʻrik festivalida ishtirok etdilar. Festivalda R.Aliyev sahnalashtirgan R.Qayumning “Yashna boʻstonim yashna” spektakli bilan ishtirok etib, faxrli III-oʻrinni egalladilar.
2013-yil 18-noyabrdan 23-noyabrgacha Samarqand viloyatida oʻtkazilgan IX- Respublika qoʻgʻirchoq teatrlarining koʻrik festivalida M.Ashurova asari “Yaxshi fazilating-zebu ziynating” spektakli bilan ishtirok etdilar. Festivalda “Eng chiroyli qoʻgʻirchoqlar” nominatsiyasi boʻyicha diplom, hamda estalik sovgʻasi bilan taqdirlandilar.
2016-yil 1-4-iyun kunlari Respublikamizning Andijon viloyatida oʻtkazilgan qoʻgʻirchoq teatrlarining X-anʼanaviy koʻrik-festivalida Azizbek Qurbonovning “Baxt farishtasi” spektakli bilan ishtirok etib, “Ahloqiy qadriyatlarni ifodalagani uchun” diplomi bilan hamda “Yurtimiz kelajagi boʻlgan yosh avlodning maʼnan yetuk insonlar boʻlib yetishishlari hamda ular oʻrtasida qoʻgʻirchoq teatri sanʼatini keng targʻib qilish borasidagi samarali faoliyati va Oʻzbekiston qoʻgʻirchoq teatrlarining X-anʼanaviy koʻrik-festivali doirasida viloyat aholisi, ayniqsa yoshlar bilan oʻtkazilgan madaniy tadbirlardagi faol ishtiroki uchun” Andijon viloyati hokimligining tashakkurnomasi bilan taqdirlandi.
2018-yil 9-13-iyul kunlari Respublika qoʻgʻirchoq teatrlarining XI-anʼanaviy koʻrik-festivali boʻlib oʻtdi. Festivalda qoʻgʻirchoq teatri Uchqun Oʻsarovning “Virtual dunyo” spektaklini namoyish etdi. Qoʻgʻirchoq teatri jamoasi shu festivalda “Oʻzbekiston qoʻgʻirchoq teatrlarining XI- anʼanaviy koʻrik-festivalidagi faol ishtiroki uchun Faxriy yorligʻi bilan taqdirlandi. Qoʻgʻirchoq teatri shu oʻtgan oʻttiz besh yil ichida respublikamizning Toshkent, Sirdaryo, Andijon, Namangan, Samarqand viloyatlarida gastrol safarida boʻlib, repertuaridagi eng sara spektakllarini muxlislari eʼtiboriga havola etib kelmoqda. Qoʻgʻirchoq teatrining tomoshabop asarlarini sahnalashtirishda V.Iskovich, M.Palivanova, U.Mamajonov, A.Xodjayev R.Aliyev, M.Ashurova, K.Faxradov, J.Bozorboyev kabi rejissyorlar munosib va oʻchmas hissalarini qoʻshdilar.
