⚡️ Aziz bolajonlar, muhtaram ota-onalar!

Sizlarni 1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan samimiy muborakbod etamiz.

Bolalar — har bir davlatning ertasi va kelajagi, millatning eng katta boyligi, jamiyat taraqqiyotining mustahkam tayanchidir. Farzandlarimiz qanday bilimli, ma’naviyatli, sog‘lom va vatanparvar bo‘lib voyaga yetsa, yurtimizning ertangi kuni ham shunchalik porloq va farovon bo‘ladi.

Yangi O‘zbekistonda yosh avlod kamoloti, ularning huquq hamda manfaatlarini himoya qilish, sifatli ta’lim va tarbiya olishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Zero, farzandlarimiz mamlakatimiz kelajagini belgilaydigan, xalqimizning ezgu orzu-intilishlarini amalga oshiradigan buyuk kuchdir.

Aziz bolajonlar!

Sizlar — Yangi O‘zbekistonning kelajagi, xalqimiz g‘ururi va mamlakatimiz taraqqiyotining ishonchli davomchilarisiz. Sizlarning bilimga chanqoqligingiz, yuksak maqsadlar sari intilishingiz va har bir yutug‘ingiz yurtimiz ravnaqi uchun xizmat qiladi.

Ushbu qutlug‘ ayyomda barcha farzandlarimizga mustahkam sog‘liq, baxtli va beg‘ubor bolalik, ilm-fan, madaniyat va sport sohalarida ulkan muvaffaqiyatlar, ota-onalar va ustozlarga esa ezgu va sharafli faoliyatlarida ulkan zafarlar tilayman.

Bayramingiz muborak bo‘lsin!

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan